Surxondaryoda zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
Surxondaryo viloyatining togʻli-rekreatsion hududlarida turizmni rivojlantirishga qaratilgan yangi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qaror asosida viloyatda bir nechta zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi, ular turizm infratuzilmasini yaxshilash va yangi xizmatlar yaratishga qaratilgan.
Boysun tumanida 220,5 gektar maydonda «Omonxona» turistik markazi, Sariosiyo tumanida 615 gektar yerda «Sangardak» turistik markazi, Jarqoʻrgʻon tumanidagi «Oqtepa» suv ombori qirgʻogʻida 110 gektar maydonda «Obihayot» turistik markazi tashkil etiladi.
Bu markazlarni rivojlantirish uchun Surxondaryo viloyatida maxsus Direksiya tashkil etilib, turizm infratuzilmasi boshqariladi. Hududdagi tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatlari uchun bo‘sh yer uchastkalari onlayn auksion orqali realizatsiya qilinadi.
2025 – 2027 yillarda xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida 10-yil muddatga teng ulushlarda to‘lash sharti bilan mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari va dam olish maskanlarini qurish uchun yer uchastkalari auksionga chiqariladi.
Shu bilan birga, yangi turistik markazlar nafaqat viloyatni iqtisodiy jihatdan rivojlantiradi, balki mamlakatdagi turizm sohasiga ham katta hissa qo‘shadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya Vazirligi «ma’naviy ekspertiza»ni bekor qilgani haqida yozgan edik.