Yangiliklar

Hukumat Nukus shahrining umumiy rejasini tasdiqladi

Shahar ekologiyasini yaxshilash ham rejaga kiritildi
Foto: Uzbekistantravel.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Nukus shahrining 2040-yilgacha bo‘lgan umumiy rejasini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, reja bo‘yicha kelgusi 16 yil ichida shahar maydoni 13,4 ming gektarga kengayadi. Shuningdek, Nukus aholisining 400 ming kishiga yetishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim muassasalari soni ikki baravarga oshib, 20,8 mingga yetadi. Shifoxonalar 33, ming o‘rindan salkam 10 ming o‘ringa, poliklinikalarga tashrif esa 4,4 mingdan 16 minggacha orttiriladi.

Shahar jamoat transporti qatnovi 60 tadan 300 tagacha oshiriladi.

Bundan tashqari, shaharning boshqa bo‘g‘imlarida, jumladan, muhandislik va texnik infratuzilma, funksional hududiylashtirish va me’moriy rejalashtirish sohalari ham tubdan yaxshilanadi.

Nukus shahridagi magistral ko‘chalarning umumiy uzunligi 90 km.dan 278 km.ga oshadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nukusdagi o‘tov Ginnes rekordlari kitobidan joy olgani haqida yozgan edik.