Mukofot puli 2,2 milliard: O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida qo‘shma tanlov e’lon qilindi
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar bo‘yicha «O‘zbekiston – Belarus» xalqaro qo‘shma tanlovi e’lon qilindi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi ma’lum qildi.
Tanlov 2025-yil 15-fevralga qadar davom etadi va tadqiqotlar turli fan yo‘nalishlarida amalga oshiriladi. Farmakologiya, tibbiyot, iqtisodiyot, kimyo, qishloq xo‘jaligi va boshqa yana o‘nlab yo‘nalishlar shular jumlasidandir.
Tanlovda ishtirok etish uchun ilmiy jamoalar O‘zbekiston va Belarus tomonlaridan mos hamkorlarni topishlari va loyihalarni birgalikda taqdim etishlari lozim. Tanlovda qatnashayotgan loyihalar ikki yil ichida amalga oshirilishi kerak va ular faqat elektron shaklda, «loyiha.ilmiy.uz» platformasi orqali qabul qilinadi.
Loyihalar quyidagi talablarga javob berishi lozim: ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi 45-yoshdan oshmasligi, loyihada yosh olimlar va talabalar ishtirok etishi va loyiha rahbari faqat bitta loyiha bilan qatnashishi mumkin. Tanlovga taqdim etilgan loyihalar dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi va tanlov shartlariga muvofiq bo‘lishi darkor.
Tanlovga qabul qilingan loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona platformasida ko‘rib chiqiladi va natijalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar interaktiv xizmat orqali taqdim etiladi.
Tanlov shartlari haqidagi batafsil ma’lumotlarni ushbu havola orqali o‘qishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonlik yozuvchi xalqaro tanlovda 1-o‘rinni egallagani haqida yozgan edik.