Olster universiteti: O‘zbekistonda qurilish kompaniyalari yer egalaridan yerni noqonuniy ravishda tortib olishmoqda. O‘zbekistonda yer muntazam ravishda qurilish kompaniyalari foydasiga, jamoat manfaatlariga zid ravishda qayta taqsimlanmoqda. Bu xulosa Olster universiteti Davlat boshqaruvi markazi tadqiqotchilarining «Qonuniylikning soxta hissi» nomli ma’ruzasida keltirilgan.
Ma’ruzada 2017 – 2024-yillar oralig‘ida mulkni majburiy olib qo‘yish holatlari o‘rganilgan. Tadqiqotchilar amaldorlar va ularning yaqinlari bunday amaliyotlarning asosiy manfaatdorlari bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqda.
«Xususiy tijorat qurilishlariga yer ajratish ko‘pincha davlat hokimiyatining suiiste’mol qilinishiga olib kelmoqda. Bu holat O‘zbekiston Jinoyat kodeksi va Konstitutsiyasini buzishi mumkin», – deyiladi hisobotda.
Fuqarolar bunday holatlarda amalda hech qanday choralar ko‘ra olmaydi, chunki «ma’muriy sudlar noqonuniy qarorlarni hatto nazorat organlari, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan qoralangan taqdirda ham bekor qilishga tayyor emas».
Tadqiqotchilar xalqaro moliya institutlari va xususiy kompaniyalarni O‘zbekistonda mulkning noqonuniy o‘tkazilishiga qarshi tartib-taomillarni kuchaytirishga, ularning ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalarni sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oktabr oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori 0,6 foizga o‘sgani haqida xabar bergan edi.