Dekabr oyining oxirida, aynan 21-22 dekabr kechasi o‘zbekistonliklar yilning oxirgi yulduz yomg‘iri – Ursid meteorit yomg‘irini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu haqda Live Science ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu meteorit yomg‘irining eng kuchli payti bo‘lib, soatiga taxminan o‘n meteoritni ko‘rish mumkin.
Meteoritlarni ko‘rish uchun eng yaxshi vaqt – yarim tundan keyingi payt hisoblanadi. Chunki Oy shu vaqtga qadar yuqori ko‘tarilmaydi. Astronomlar yoritilgan hududlardan uzoq joyda, tabiiy, hech qanday teleskoplarsiz kuzatishni tavsiya qilmoqda.
Ursid meteorit yomg‘irining kelib chiqishi Tuttl kometasining qoldiqlari bilan bog‘liq. Ushbu kometa Quyosh atrofida 13,6 yilda bir marta aylanadi. Avvalgi yillarda, ayniqsa, 1945, 1973 va 1986-yillarda Ursid meteorit yomg‘irlari juda yorqin va kuchli bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq T-Mobile va Starlink fazo aloqa tizimini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgan edik.