Yangiliklar

Toshkent viloyatida sherlar hujumi oqibatida hayvonot bogʻi qorovuli halok boʻldi

Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani ichki ishlar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda
Foto: henkeova / depositphotos

17-dekabr kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi Lion Park xususiy hayvonot bogʻida sher hujumi oqibatida qorovul halok boʻldi, deya xabar berdi viloyat IIBB.

Ma’lum qilinishicha, hodisa tong soat 05:00 atrofida yuz bergan. Bogʻdagi qafasdan uchta sher hovliga chiqib ketgan. Bu vaqtda maskan yopiq boʻlgan va faoliyat koʻrsatmagan.

Sherlar hovlida 44-yoshli qorovulga tashlanib, unga ogʻir tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchi olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. U hayvonlarni qaytarishga uringan paytda hujumga uchragan.

«Koʻrilgan choralar natijasida sherlar maxsus qafasga joylashtirildi. Atrofdagi boshqa shaxslarga zarar yetmagan, hozirda mahalliy aholi uchun xavf yoʻq», – deyiladi rasmiy xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani ichki ishlar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan endilikda Oʻzbekistondagi sirklarda sher chiqish qila olmasligi haqida xabar bergan edi.