Yangiliklar

Bir necha o‘quv markazlari jarimaga tortildi

1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisoblandi
Foto: Pexels.com

Raqobat qo‘mitasiga nodavlat ta’lim muassasalaridan 500 dan ortiq shikoyatlar kelib tushdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ularning aksariyati Toshkent shahridagi tashkilotlar faoliyatiga tegishlidir. Shikoyatlarda ta’lim sifatining pastligi, o‘qituvchilar malakasizligi, o‘quv xonalarining shart-sharoitlari yomonligi va boshqa muammolar ta’kidlangan.

Ko‘plab ta’lim muassasalari reklama kampaniyalarida «Joylar soni cheklangan» yoki «Kafolatlangan ta’lim» kabi noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi iboralarni ishlatgan. Bunday holatlar iste’molchilar huquqlarini buzgani sababli Raqobat qo‘mitasi tegishli choralar ko‘rdi va jami 1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qildi.

Bundan tashqari, litsenziya talablari va sanitariya qoidalarini buzgan, o‘quv sharoitlarini yaratmagan 50 ga yaqin ta’lim muassasalari vakolatli organlarga yuborildi. Xususan, «Newton Academy Kz» o‘quv markazi faoliyati yuzasidan Bosh prokuratura hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga hujjatlar yuborildi, natijada ushbu markazga moliyaviy jarima qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 7,2 mlrd so‘mlik tender savdolari ixtiyor ravishda bekor qilingani haqida yozgan edik.