Markaziy Osiyo davlatlari Suriyadan fuqarolarini repatriatsiya qilish boʻyicha yetakchi
Markaziy Osiyo davlatlari Suriya shimoli-sharqidagi qochoqlar lagerlaridan vatandoshlarini repatriatsiya qilish boʻyicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Bu haqda «RIA Novosti»ga Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro jamgʻarmasi (GCERF) rahbari Xallid Kosser maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari Suriyadan 2,2 mingga yaqin kishini qaytargan. Qozogʻiston — 754, Qirgʻiziston — 533, Oʻzbekiston — 531, Tojikiston — 381 kishini vatanga olib kelgan.
Kosserning qoʻshimcha qilishicha, Yevropa davlatlari Markaziy Osiyodan farqli oʻlaroq, lagerlarda boʻlayotgan voqealarga koʻz yumib, repatriatsiya ishlarini olib bormayapti.
«Agar Belgiyani Tojikiston bilan taqqoslasangiz, Tojikistonda «bu bizning fuqarolarimiz, biz ular oldida masʼulmiz,» deyishadi», — dedi GCERF rahbari vaziyatga izoh berar ekan.
Maʼlumot uchun, GCERF 2014-yilning kuzida tashkil etilgan. Tashkilot ekstremizm va zoʻravonlikning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi. Jamgʻarma donorlari orasida: AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya kabi davlatlar bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilning dekabr oyida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgani haqida yozgan edi.