Senatning ikkinchi yalpi majlisida «2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida»gi qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trln soʻm, xarajatlari esa 480,5 trln soʻm miqdorida shakllantirilgan. Davlat budjeti daromadlari 308,5 trln soʻmni, xarajatlari esa 344,8 trln soʻmni tashkil etadi.
Budjet xarajatlarining 52 foizi yoki 177,7 trln soʻmi ijtimoiy sohalarga yoʻnaltiriladi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun 3,6 trln soʻm, sogʻliqni saqlashga esa 41,3 trln soʻm ajratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, hududiy muammolarni hal qilish, infratuzilmani takomillashtirish va davlat ahamiyatiga molik tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil uchun Davlat budjeti loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingani haqida xabar bergan edi.