AQSh Moliya vazirligi «Gazprombank»ka nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi va unga atom energiyasi bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berdi, deb ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) bosh litsenziyasining amal qilishi 2024-yil 21-noyabrgacha ishga tushirilgan yadro loyihalariga tatbiq etiladi. Lekin bu ruxsatnoma Vengriyada qurilayotgan va «Rosatom» kuratorligidagi Paks II AESga taalluqli emas.
Keyinchalik OFAC nima fuqarolik atom energetikasi bilan bogʻliqligini aniqlashtirdi. Bank orqali uran qazib olish va qayta ishlash, yadroviy yoqilgʻi yetkazib berish va chiqindilarni sotish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va atom elektr stansiyalarini qurish bilan bogʻliq toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat berildi.
Jurnalistlarning ma’lumotlariga koʻra, Turkiya sanksiyalarni yumshatishni talab qilgan. Mamlakatda «Akkuyu» AES qurilishi davom etmoqda. Loyihaning bosh pudratchisi va stansiyaning boʻlajak operatori – «Rosatom» davlat korporatsiyasi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Rosatom» Qozogʻistondagi aktivlarining bir qismini sotishi haqida yozgan edi.