2024-yil noyabr oyida koʻchmas mulk bozorida faollik oshgan. Umumiy savdo hajmi 21,9 ming bitimni tashkil etib, oktabr oyiga nisbatan 2,5 foizga oʻsgan, yillik hisobda esa 0,8 foizga koʻpaygan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisobotida ma’lum qilindi.
Unga koʻra, noyabr oyida respublika boʻyicha ikkilamchi uy-joy narxlari 0,3 foizga oshdi, yillik oʻsish 6,2 foizni tashkil qildi. Eng yuqori oʻsish Surxondaryo (18,1 foiz), Buxoro (11,9 foiz) va Qashqadaryo (10,2 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Ikkilamchi uy-joylarning oʻrtacha narxi Qoraqalpogʻistonda kvadrat metr uchun $333 boʻlib qolmoqda.
Toshkentda ikkilamchi uy-joy narxlari oy davomida 0,2 foizga oʻsib, $1,1 mingni tashkil etdi. Narxlar, asosan, Bektemir (4,4 foiz), Yashnobod (2,4 foiz) va Shayxontohur (2,2 foiz) tumanlarida oshgan.
Toshkentda noyabr oyida ijara bozorida turgʻunlik qayd etildi. Bir kvadrat metr uchun oʻrtacha ijara narxi $8,3 ni tashkil etdi. Lekin yillik hisobda ijara narxi 10,7 foizga pasaygan. Uchtepa, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida ijara narxlari sezilarli darajada kamaygan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston koʻchmas mulk bozorida sentabr oyida 9 foizga pasayish kuzatilgani haqida xabar bergan edi.