Yangiliklar

«O‘zbekkosmos» ikki mingga yaqin noqonuniy chiqindixonalar aniqladi

721 gektar maydonda
Foto: «O‘zbekkosmos» agentligi

Joriy yilda «O‘zbekkosmos» agentligi ekologiya yo‘nalishidagi kosmik monitoring natijalari asosida O‘zbekistonning 721 gektar maydonida 1,9 mingta noqonuniy chiqindixona mavjudligini aniqladi. Bu haqda agentlik rasmiy saytida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ulardan 123 tasi chiqindi saqlash poligonlarining chegarasidan tashqarida joylashgan, qolganlari esa noqonuniy chiqindi poligonlari sifatida qayd etilgan.

Foto: «O‘zbekkosmos» agentligi

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan monitoringlar davomida ushbu noqonuniy chiqindixonalar aniqlangan. Bu chiqindixonalar atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib, tuproq, suv va havo sifatini yomonlashtirishi, shuningdek, zararli hasharotlar ko‘payishi va infeksion kasalliklar xavfini oshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident O‘zbekistonda sakkizta chiqindi yoqish zavodi qurilishi haqida aytgan edi.