Yangiliklar

Senat kosmik faoliyat sohasini tartibga soluvchi yangi qonunni ma’qullandi

Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi
Foto: Pexels.com

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun kosmik faoliyatga oid asosiy tushunchalar, maqsadlar va davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Mudofaa vazirligining sohadagi vakolatlari aniqlashtiriladi.

Shuningdek, qonunda kosmik sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish, yerning masofadan zondlanishi, kosmik monitoring, aloqa tizimlari va sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlaridan foydalanish masalalari ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, kosmik obyektlarni tamg‘alash, ijaraga berish, utilizatsiya qilish va kosmik infratuzilmaning xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

Mazkur qonun ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, mudofaa va xavfsizlik sohalarida kosmik texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib, tabiiy resurslar va aholi salomatligiga ta’sirni nazorat qilish mexanizmlarini ham belgilaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senat 2025-yil uchun Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonunni ma’qullagani haqida xabar bergan edi.