Toshkentdan Xitoyning Xaynan oroliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar joriy haftada ishga tushdi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Uzbekistan Airways» va «Qanot Sharq» aviakompaniyalari Xaynan orolining mashhur kurort shahri Sanya uchun muntazam reyslarni taqdim etmoqda. «Uzbekistan Airways» haftada bir marta chorshanba kunlari, «Qanot Sharq» esa payshanba kunlari ushbu reyslarni amalga oshiradi.
Sanya – Janubiy Xitoy dengizida joylashgan tropik iqlimga ega shahar bo‘lib, o‘zining go‘zal dengiz qirg‘oqlari va kurortlari bilan mashhur. Aviachiptalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni aviakompaniyalarning rasmiy veb-saytlaridan olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan edi.