Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Toshkent viloyati hududiy bo‘limi tashkil etilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyungacha bo‘lim xalqaro standartlarga mos ravishda jihozlanib, zarur texnika va malakali kadrlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, sud ekspertiza markazida GMO va ichimlik suvining tarkibini aniqlashga qaratilgan laboratoriya tashkil etiladi. 2025-yil oxiriga qadar boshqa viloyatlarda ham ekspertiza va tadqiqotlar joriy etiladi, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yangi laboratoriyalar ochiladi.
Bundan tashqari, sud ekspertiza markazi hududiy bo‘limlarida kriminalistik, sud-xatshunoslik va elektrotexnika sohalarida yangi tadqiqot turlari amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi haqida yozgan edik.