Yangiliklar

15 ta yangi kon maydonida geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi

Tarmoqdagi asosiy muammo geologiya-qidiruv ishlariga uzoq yillar yetarlicha e’tibor qaratilmaganidir
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni gaz qazib olishning joriy holati va uni oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Tarmoqdagi asosiy muammo geologiya-qidiruv ishlariga uzoq yillar yetarlicha e’tibor qaratilmaganidir. Oqibatda ayrim konlar foydalanish muddatini deyarli o‘tab bo‘lgan, yana ba’zilarining samaradorligi past. Shuning uchun zamonaviy texnologiya olib kelinib, 15 ta yangi istiqbolli maydonda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi. Seysmik qidiruv hududi 6,5 ming kvadrat kilometrga kengaytiriladi», – deyiladi xabarda.

Unga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati raisi joriy yilgi ishlari va 2025-yilga mo‘ljallangan vazifalar haqida axborot berdi. Kompaniya tannarxni kamaytirish, xalqaro kredit reytingini yaxshilash vazifa qilib olingan. Kelgusi yilda ishlab chiqarish va geologiya-qidiruv loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro manbalardan mablag‘ jalb qilinishi mo‘ljallangan.

Mutasaddilarga kadrlar tayyorlash va xalqaro manbalardan moliyaviy resurslar jalb qilish topshirig‘i berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston kelgusi yilda $43 milliard investitsiya jalb qilmoqchi ekani haqida yozgan edik.