Bitkoin bilan nima boʻladi va uni Oʻzbekistonda qanday qilib qonuniy ravishda sotib olish mumkin
Bitkoin narxi so‘nggi haftalarda keskin o‘zgarib ketdi va bu dunyoning eng yirik kriptovalyutasiga e’tiborni yana bir bor jalb qildi. 20-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:20 da UzNex birjasida uning narxi $96 mingdan oshdi. Ammo bir necha kun avval, 17-dekabrda bitkoin tarixiy maksimumni yangilab, $108 mingdan oshdi. Nima sababdan bitkoin narxi o‘smoqda, hozirgi vaziyat qanday va kelajakda nimalar kutish mumkin? Shu haqda Kursiv Uzbekistan ekspertlar bilan suhbatlashdi.
Bitkoin kursining oʻzgarishi sabablari
Eng yirik kriptovalyuta AQSh Federal Rezerv Tizimi (FRT) raisi Jerom Pauellning asosiy stavka bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytgan so‘zlaridan keyin pasaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, FRT bitkoin’ga egalik qilish huquqiga ega emas va bu qoidani o‘zgartirishni rejalashtirmaydi. Regulyator rahbari AQSh hukumati bitkoin’ni strategik zaxira sifatida ko‘rishi mumkinmi, degan savolga javob berdi.
AQShda Donald Trampning prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng, ushbu kriptovalyutaga bo‘lgan optimizm saqlanib qolmoqda. Lockton Finance kompaniyasi direktori Denis Shipilov shunday dedi: «AQSh dunyoning eng yirik iqtisodiyoti va Donald Tramp kriptoaktivlarga ijobiy munosabat bilan saylovoldi dasturini olib bordi».
Kripto-entusiast Ulug‘bek Muslimov esa qo‘shimcha qildi: Tramp va uning turli lavozimlarga nomzodlari kriptoaktivlarga ancha do‘stona munosabatda. Ularning ba’zilari hatto kriptoindustriyani rivojlantirish tarafdorlari hisoblanadi, bu esa bozor kayfiyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ammo ekspertning fikricha, hozirgi o‘sishning asosi ko‘proq spekulyativ optimizmga bog‘liq, fundamental o‘zgarishlarga emas.
«Minoritar investorlar doimo shuni yodda tutishlari kerakki, kriptoaktivlar juda o‘zgaruvchan bo‘lib, ularning narxi keskin o‘sishdan so‘ng keskin tushib ketishi ham mumkin. Yirik institutsional investorlarning diversifikatsiyalangan portfelida kriptoaktivlarning ulushi odatda 1–2 foizdan oshmaydi», – deb tushuntirdi Muslimov.
Hozirgi vaziyat
BitMEX birjasining sobiq rahbari Artur Xeys Trampning inauguratsiyasi yaqinlashgan kunlarda kriptoaktivlar ommaviy sotilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Uning fikricha, kriptoinvestorlar prezidentning va’dalaridan hafsalasi pir bo‘lib, aktivlarni faol ravishda sotishni boshlashi mumkin.
Xeysning aytishicha, kriptoinvestorlarning yuqori kutishlari va Trampning tezkor siyosiy yechimlar topish imkoniyati orasida katta tafovut mavjud.
«Hech qanday tezkor yechim yo‘q, Ilon Mask nima deganidan qat’i nazar», – deydi u.
Shunga qaramay Xeys uzoq muddatli istiqbolda optimist bo‘lib qolmoqda va «kriptovalyuta bozorida buqa bozorining tezlashishi va yuksalishi fazasi»ni kutib, tushib ketgan paytlarda bitkoin sotib olishni rejalashtirmoqda.
Kelajak prognozlari
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, bitkoinning uzoq muddatli istiqbollari ijobiy bo‘lib qolmoqda. Ulug‘bek Muslimovning aytishicha, bitkoin oltinning muqobil vosita sifatida investitsiyalarni o‘ziga jalb qilishda davom etadi, ayniqsa ekotizim rivojlanib, mahsulotlar xilma-xilligi ortgan sari. «Investitsiya oqimi uzoq muddatda oshib boradi», – deydi u.
Shipilov ta’kidlaydi: O‘zbekistonda kriptoaktivlardan muvaffaqiyatli foydalanish uchun aholining moliyaviy savodxonligini oshirish zarur.
«Xizmat provayderlari ta’lim dasturlarini yaratish uchun harakat qilishlari kerak, bu esa sohaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», – deydi u.
«Biznesning kriptoaktivlarga bo‘lgan munosabati ehtiyotkorlikdan qiziqishga o‘zgarganini kuzatyapmiz, chunki blokcheyn qulay va funksional jihatdan noyob vositalarni yaratish va qo‘llash imkonini beradi. Ammo kriptoaktivlar ko‘proq tarqalgan sari aholining malakasi ham oshishi kerak, aks holda ular firibgarlik qurboni bo‘lib qolishi yoki qonunchilik talablarini buzishi mumkin», – deya qo‘shimcha qildi Shipilov.
O‘zbekistonda kriptoaktivlarni qonuniy sotib olish usullari
O‘zbekistonda bitkoin va boshqa kriptoaktivlarni UzNex kabi litsenziyalangan platformalar orqali sotib olish mumkin. Kursiv Uzbekistan avvalroq kriptovalyutani qonuniy sotib olish usullari haqida maxsus material e’lon qilgan edi. 2024-yil 20-dekabr holatiga ko‘ra, UzNex birjasida sotib olish uchun 15 xil kriptovalyuta mavjud.
Shipilovning so‘zlariga ko‘ra, Lockton Finance platformasidagi investitsiya moduli bitkoin va boshqa talabgir kriptoaktivlarga qonuniy investitsiya kiritish imkoniyatini taqdim etadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bozor regulyatori) saytida O‘zbekiston hududida kriptoaktivlar bilan savdo qilishga ruxsat berilgan kompaniyalarning to‘liq ro‘yxati e’lon qilingan.
Litsenziyalangan platformalar orqali kriptoaktivlar sotib olish xavflarni minimallashtirishga va qonunbuzarliklardan qochishga yordam beradi. Litsenziyalanmagan platformalarda aktivlarni sotib olish yoki sotish esa jarima yoki qamoq jazosi bilan tugashi mumkin.