Yangiliklar

Mirziyoyev general Kirillov vafoti munosabati bilan Putinga hamdardlik bildirdi

Boshqa masalalar ham muhokama qilindi
Foto: President.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama aloqalar muhokama qilindi. Xavfsizlikka tahdidlar va xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida tomonlar maxsus xizmatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidlashdi.

Kreml matbuot xizmati xabariga koʻra, Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiya Qurolli Kuchlari kimyoviy, radiatsion va biologik muhofaza qoʻshinlari qoʻmondoni general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya bildirdi.

O‘zbekiston bu jirkanch terrorchilik harakatini qat’iy qoralashi ta’kidlandi.

Ikki mamlakat maxsus xizmatlarining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi yaqin hamkorligini davom ettirish niyati alohida ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning 17-dekabr kuni Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov hibsga olingan edi. U rossiyalik harbiy, kimyoviy mudofaa kuchlari rahbari Igor Kirillovni o‘ldirishda gumon qilinmoqda.