Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlish jarayoni yakuniy bosqichga kirmoqda – Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo boʻlish jarayoni yakuniy bosqichga kirdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqot chogʻida ma’lum qildi.
Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid boʻlgan imtiyozlar bekor qilinayotgan boʻlsa-da, davlat tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, adolatli raqobat muhitida ishlashi uchun zarur boʻlgan barcha sharoitni yaratishda davom etishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, qoʻshni mamlakatlar bilan chegaradan oʻtish bilan bogʻliq bir qator masalalarga yechim topildi. 2023-yilda 13-yil yopiq boʻlgan Andijonning «Xonobod», «Mingtepa» va «Qorasuv» hamda 8-yildan beri ishlamagan «Uchqoʻrgʻon» chegara postlari qayta tiklandi.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil dekabr holatiga koʻra, mamlakat JSTga a’zo boʻlish boʻyicha 20 dan ortiq davlatlar bilan muzokaralarni yakunladi. Ular orasida Xitoy va AQSh kabi davlatlarni koʻrish mumkin.
Avvalroq «Kursiv» Buyuk Britaniya Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlishini qoʻllab-quvvatlashi haqida xabar bergan edi.