TBC Bank Uzbekistan $37 million sarmoya jalb qildi
TBC Bank Uzbekistan (TBC UZ) o‘zining asosiy aksiyadori – TBC Bank Group PLC (TBC Group) tomonidan $37 million miqdorida kapital jalb qilganini e’lon qildi. Ushbu mablag‘ bilan 2024-yilda jalb qilingan yangi kapitalning umumiy hajmi $75 millionga yetdi. Bu ko‘rsatkich TBC uchun yangi yillik rekord hisoblanadi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Mazkur kapital bank ekotizimini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Ekotizim tarkibiga TBC UZ bilan bir qatorda Payme raqamli to‘lov ilovasi va Payme Nasiya muddatli kreditlash xizmati kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil sentabr oyiga kelib, TBC ekotizimida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 17 millionga yetgan. Bu esa O‘zbekiston aholisining 40% dan ortig‘i ushbu xizmatlardan foydalanayotganini anglatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TBC Bank kichik biznesni kreditlash uchun YeTTBdan 10 million dollar olgani haqida yozgan edi.