Usik va Fyurining revansh jangida kim g‘alabaga yaqinroq
22-dekabr tun yarmida ukrainalik bokschi Aleksandr Usik va amerikalik sportchi Tayson Fyuri o‘rtasida revansh jangi bo‘lib o‘tadi. «Anderdog» sport klubi bosh murabbiyi Oleg Xvan Kursiv Uzbekistan’ga boks jangining qanday yakunlanishi mumkinligi haqida fikr bildirdi.
Unga ko‘ra, Usik yaxshi tayyorlangan va g‘alaba qozonish uchun ko‘proq imkoniyatga ega.
«Jang, ehtimol, sudyalar qarori bilan Usik foydasiga yakunlanadi», — deydi u.
Ukrainalik bokschi chidamli va Fyuridan og‘ir zarbalarni olishni biladi.
«Biroq, bunday janglarda natijani aniq oldindan aytish qiyin. Ringda hamma narsa bo’lishi mumkin, chunki u yerda ikkita juda kuchli bokschi uchrashadi», — deydi Xvan.
Aleksandr Usik 37 yoshda, uning bo‘yi 191 sm. 2024-yilda «The Ring» jurnali uni vazn toifasidan qat’iy nazar eng yaxshi bokschi deb tan olgan.
Tayson Fyuri o‘z raqibidan bir yosh yoshroq va bo‘yi 15 sm uzunroq. Fyuri sobiq WBC, WBO, WBA, IBF va IBO jahon chempioni.
Sportchilar 2024 yil may oyida ringda uchrashgan, g’alaba sudyalar qarori bilan Usik tomoniga bo‘lgan.
Usik va Fyurining revanshi katta e’tibor qozondi, boks jangining natijasi haqida braziliyalik futbolchi Neymar da Silva Santos Junior ham o‘z prognozini berdi. Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, bokschilarning g‘alaba qozonish imkoniyatlari teng, deb xabar beradi Tribuna.
«Bu dunyodagi eng yaxshi janglardan biri bo‘ladi», — deydi Neymar.