Yangiliklar

AQSh Senati hukumatni vaqtinchalik moliyalashtirishni tasdiqladi

2025-yil martigacha
Foto: Joshua Sukoff / Unsplash

AQSh Senati hukumatni 2025-yil martigacha moliyalashtirish bo‘yicha qonun loyihasini tasdiqladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Agar mazkur hujjat prezident Jo Bayden tomonidan imzolansa, AQSh hukumat faoliyati to‘xtab qolish xavfidan (shatdaun) qutulib qolishi mumkin.

Qonun loyihasi tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish va fermerlarga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ ajratishni nazarda tutadi. Respublikachilar aynan shu masalalar yuzasidan o‘z qat’iy pozitsiyalarida turib olishdi. Shunga qaramay budjet loyihasida davlat qarzining yuqori chegarasini bekor qilishga oid bandlar ko‘zda tutilmagan. Sobiq prezident Donald Tramp ushbu masalada bir necha bor talablari bilan chiqish qilgan edi.

Mazkur qonun loyihasi faqatgina uchinchi urinishda qabul qilindi. Aslida, kongress a’zolari vaqtida tayyorgarlik ko‘ra olishmagan – hukumatni moliyalashtirishning oldingi muddati 21-dekabr kuni yarim tunda tugagan edi. Shunga qaramay dam olish kunlari aksariyat davlat idoralari faoliyat ko‘rsatmagani bois jiddiy muammolar yuzaga kelmadi.

Mutaxassislarning fikricha, qonun loyihasining Trampning asosiy talablarini inobatga olmagan holda qabul qilinishi uning Respublika partiyasidagi ta’sir doirasi cheklangani haqida signal berishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Federal zaxiraning yangi bayonotlari investorlarni xavotirga solgani haqida xabar bergan edi.