Senatorlar yangi qonun bilan unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat shakllarini tugatish haqidagi taklifni ma’qulladi. Bu haqda Oliy Majlis matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ta’sis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabini bekor qilish taklifi ham ilgari surildi. Qonun korporativ shartnoma, konsorsium va konsorsium shartnomasining huquqiy maqomini belgilashni ham nazarda tutadi.
Qonunga ko‘ra, xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashlari tomonidan aksiyalar, korporativ obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar oshkor qilinishi shart. Bu jarayon amaldagi huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi. Shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va litsenziyalashga oid ma’lumotlarni e’lon qilish tartibi belgilandi.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonun xo‘jalik jamiyatlari faoliyatini soddalashtirish uchun muhim ahamiyatga ega. U korporativ munosabatlarni takomillashtirish, aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish va byurokratik jarayonlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senat kosmik faoliyat sohasini tartibga soluvchi yangi qonunni ma’qullangani haqida yozgan edi.