Surxondaryo viloyatidagi «Termiz xalqaro savdo markazi» orqali $15,5 million qiymatidagi mahsulotlar Afg‘onistonga eksport qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Hozirda ushbu hududga kuniga o‘rtacha ikki mingdan ortiq afg‘on fuqarolari tashrif buyurmoqda.
Savdo zonasida tadbirkorlar va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Shu doirada Afg‘onistonning Balx viloyati bojxona tashkiloti rahbariyati va Surxondaryo viloyati Bojxona boshqarmasi rahbarlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda afg‘on tadbirkorlarining faoliyati, chegara va bojxona nazorati, valyuta ayirboshlash hamda eksport hajmini oshirish bo‘yicha fikrlar almashildi.
Eslatib o‘tamiz, savdo markazi joriy yilning 29-avgust kuni ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu markazda afg‘onistonliklar uchun ham savdo nuqtalarini ochishga va ijaraga olishga ruxsat etilgan. Qo‘shni davlat fuqarolari respublikada 15 kun davomida vizasiz bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘iziston Termiz xalqaro savdo markazida pavilyon sotib olganini yozgan edi.