Yangiliklar

Davlat xizmatlaridan foydalanish yanada osonlashadi

Xizmatlar proaktiv va kompozit tarzda ko‘rsatiladi
Foto: Pexels.com

O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirlligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, davlat xizmatlari ko‘rsatishda yangi tartiblar o‘rnatildi. Jumladan, 5 turdagi davlat xizmatlari proaktiv tarzda va 6 turdagi xizmatlar kompozit tarzda ko‘rsatiladi.

Proaktiv davlat xizmatlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarisiz, organlarning tashabbusi bilan ko‘rsatiladi. Bunga elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiq suv va xususiy bandlik agentliklarini reyestrga kiritish kabi xizmatlar kiritilgan.

Kompozit davlat xizmati esa bitta murojaat asosida bir necha davlat xizmatlari majmuasini ko‘rsatishni ta’minlaydi. Masalan, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish va tibbiy litsenziya olish kabi xizmatlar kompozit tarzda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, maxsus ruxsatnoma va xulosalar talab qiladigan faoliyatlar, masalan, biologik aktiv moddalar va madaniy boyliklarni O‘zbekistondan olib chiqish uchun ruxsatnoma olish tartiblari ham to‘liq belgilab qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda ayrim davlat raqam belgilari uchun toʻlovlar miqdori kamaytirilishi haqida yozgan edik.