O‘zbekiston prezidentining yangi farmoni asosida mahalliy davlat hokimiyati organlariga yangi moliyaviy imkoniyatlar va vakolatlar berildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan olinadigan tushumlar to‘liq hajmda tuman (shahar) budjetlariga o‘tkaziladi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foizi tuman (shahar) budjetlariga ajratiladi.
Mahalliy davlat hokimiyatiga tegishli aksiyalar yoki ulushlarni sotishdan tushgan mablag‘lar quyidagi tartibda taqsimlanadi: 90% mablag‘ Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri, 10% qismi tuman yoki shahar budjetiga yo‘naltiriladi.
Mazkur oʻzgarishlar mahalliy hokimiyatlarning iqtisodiy faoliyatidagi mustaqillik va tashabbuskorlikni oshirish, hududlarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent hokimining suv toshqinlariga qarshi kurashish uchun 6 milliard so‘m ajratgani haqida xabar bergan edi.