Yangiliklar

My Freighter Vengriya va Saudiya Arabistoni bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda

Bu haqda kompaniya bosh direktori ma’lum qildi
Foto: My Freighter

My Freighter aviakompaniyasi Vengriya va Saudiya Arabistonida parvoz qilish sertifikatlarini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov Markaziy Osiyo yuk tashish aviatsiya sammitida ma’lum qildi, deya xabar berdi Ch-aviation.

Uning ma’lum qilishicha, kompaniya xalqaro bozorlarda oʻz faoliyatini kengaytirish niyatida.

«Yangi yuk yoʻnalishlarining ochilishi bizga Yevropa, Janubiy va Shimoliy Amerika, shuningdek, Yaqin va Uzoq Sharqdagi mavqeyimizni mustahkamlash imkonini beradi. Kelajakda Lej va Ostravaga yuklarni yetkazib berish uchun Navoiyda yangi logistika markazini tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz», – deya ta’kidladi Abdurahmonov.

Shuningdek, kompaniya Singapur, Malayziya va Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining bozorlariga kirishni maqsad qilgan. Yaqin kunlarda Hindiston va Pokistonga muntazam yuk reyslarini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda.

Yangi yoʻnalishlarga xizmat koʻrsatish uchun My Freighter oʻz flotini 20 ta samolyotga kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq «Kursiv» UzAirways Pokistonga parvozlarni yoʻlga qoʻygani haqida xabar bergan edi.