Yangiliklar

Oʻzbekiston Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo boʻldi

Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi
Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo boʻldi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kengash faoliyati islomiy moliya institutlarini tartibga solish va nazorat qilish, korporativ boshqaruv va risk-menejment tizimlarini joriy qilish, kadrlar salohiyatini oshirish va tadqiqotlar olib borishga qaratilgan.

«Mazkur tashkilotga a’zolik boshqa mamlakatlar tajribasini oʻrganish va mamlakatimizda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilgʻor xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi», – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, kengash 2002-yilda tashkil etilgan, bosh ofisi Kuala-Lumpurda joylashgan. Hozirgi kunda 188 a’zoga ega, ular orasida 81 ta tartibga solish organi, 10 ta xalqaro tashkilot va 97 ta bozor ishtirokchisi bor. Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston moliyaviy regulyatorlari ham a’zo hisoblanadi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida qoldirgani haqida xabar bergan edi.