Panama hukumati Panama kanalini AQShga berishni istamayapti
Panama kanali faqat Panamaga tegishli va Amerika Qoʻshma Shtatlari (AQSh) nazoratiga oʻtmaydi. Bu haqda Panama prezidenti Xose Raul Mulino o‘zining X tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
«Prezident sifatida men Panama kanali va unga tutash hududning har bir kvadrat metri Panamaga tegishli ekanini taˆ’kidlamoqchiman va kelajakda ham shunday boʻladi», – deb yozgan u.
Shu bilan birga, Mulino AQShning yangi ma’muriyati bilan yaxshi va hurmatga sazovor munosabatlar oʻrnatishga hamda noqonuniy migratsiya va uyushgan jinoyatchilik kabi muammolarni hal qilish ustida birgalikda ishlashga umid qilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Panama kanali 1920-yilning yozida ishga tushirilgan bo‘lib, uning qurilishi uchun AQSh harbiy vazirligi (hozirgi Mudofaa vazirligi) mas’ul bo‘lgan. Uzunligi 81,6 km boʻlgan kanal Tinch va Atlantika okeanlarini tutashtiradi. Har yili kanal orqali 14 mingga yaqin kema oʻtadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShning yangi prezidenti Donald Tramp 1977-yilda kanalni Panamaga oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni ahmoqona deb atagani haqida yozgan edi. Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, Vashington obyektni oʻz nazoratiga qaytarishni talab qilishi mumkin, chunki uning xavfsizligi mamlakat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.