Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyalarni oshirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2025-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy salohiyati, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va infratuzilma sohalaridagi yirik loyihalar taqdim etildi.
Mavjud iqtisodiy imkoniyatlar kompleks tahlil qilindi, jumladan, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalaridagi $2,5 mlrd.lik imkoniyatlar aniqlangan. Shuningdek, 2025-yilda 3,1 mlrd investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda, shundan $500 mln qismi hududiy loyihalarga sarflanadi.
Qoraqalpog‘istonni yanada rivojlantirish uchun yangi korxonalar, savdo maydonlari va ish o‘rinlari yaratilishi, eksport hajmi 500 million dollarga yetkazilishi belgilandi. Hududda 9,3 gigavattli shamol elektr stansiyalarini qurish va qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish choralari ko‘riladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish uchun loyiha ofisi tashkil etilishi va har bir tuman bo‘yicha o‘sish nuqtalari tahlil qilinib, yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali hududda yangi ish o‘rinlari yaratilib, ishsizlik darajasi pasaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga $38 milliard investitsiya jalb qilingani haqida yozgan edik.