Yangiliklar

Toshkentda «Milliy sport mukofot – 2024» taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Taqdirlanganlarga prezident qarori asosida pul mukofotlari topshirildi
Foto: Sport vazirligi

Toshkentdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida 2024-yilning eng yaxshi sportchilari taqdirlandi. Bu haqda Sport vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tadbirda jahon chempionatlarida muvaffaqiyat qozongan sportchilarga prezident qarori asosida pul mukofotlari topshirildi. Shundan so‘ng yil davomida o‘zbek sportida yuksak natijalar ko‘rsatgan sportchilar va tashkilotlar taqdirlandi.

Foto: Sport vazirligi

Marosimda Abduqodir Husanov (futbol) yilning eng yaxshi yosh sportchisi, Hasanboy Do‘smatov (boks) esa yilning eng yaxshi erkak sportchisi deb topildi. Nurxon Qurbonova (para yengil atletika) yilning eng yaxshi ayol paralimpiyachisi bo‘ldi. Diyora Keldiyorova (dzyudo) yilning eng yaxshi ayol sportchisi, Razambek Jamalov (erkin kurash) yil kashfiyoti deb e’tirof etildi.

Foto: Sport vazirligi

Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yilning eng yaxshi sport tadbiri tashkilotchisi, O‘zbekiston tayekvondo WT assotsiatsiyasi esa yilning eng yaxshi sport federatsiyasi deb tan olindi. Yahyo Yakubov (para sport murabbiyi) yilning eng yaxshi para sport murabbiyi, To‘lqin Qilichev (murabbiy) yilning eng yaxshi murabbiyi deb e’lon qilindi.

Foto: Sport vazirligi

Shuningdek, sport targ‘iboti va jurnalistika sohalarida faoliyat yuritganlar ham e’tirof etildi. Lola Abduyusupova (rejissyor), Nodir To‘ychiyev (faol sport targ‘ibotchisi), Marina Yakubova (sport jurnalisti) kabi mutaxassislar sportni rivojlantirishga qo‘shgan hissalari uchun mukofotlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliy kurash sport turini rivojlantirish bo‘yicha yangi qaror qabul qilingani haqida yozgan edik.