Endi bog‘chalarda direktor o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi
Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 2025-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, qamrov 76 foizga yetdi. Yangi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktablar qurilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab maktablarda ikkinchi xorijiy til va kasb o‘rgatish kengaytiriladi, inklyuziv ta’lim tizimi yanada rivojlantiriladi. Shuningdek, 1,5 mingta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilinadi. O‘qituvchilarga malaka toifasini oshirishda raqamli tizimga o‘tish va pedagoglarga qo‘shimcha ustama to‘lash tizimi belgilandi.
2025-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun yangi direktor o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, malaka oshirish shakllari kengaytiriladi. Shuningdek, 162 ta yangi maktabgacha ta’lim muassasasi va 100 ta xususiy bog‘cha qurilishi rejalashtirilgan. Bu bilan maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkazilishi maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasiga $3,1 milliard investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edik.