Yangiliklar

Rossiya musulmonlar idorasi ko‘pxotinlikka ruxsat beruvchi fatvoni bekor qildi

Rossiyada diniy ko‘pxotinlikka oid fatvo bekor qilindi
Foto: Pexels.com

Rossiya Musulmonlar diniy boshqarmasi Ulamolar kengashi yangi qaror qabul qildi. Ko‘pxotinlikka ruxsat beruvchi fatvo bekor qilinganini Moskva muftiysi Shamil Alyautdinov ma’lum qildi.

Fatvo Rossiya Federatsiyasi Oila kodeksi talablarini buzgan deb topilgan. Bosh prokuratura fatvoni bekor qilish haqida ko‘rsatma bergan edi.

«Bu Xudoning irodasi», – deb yozdi Shamil Alyautdinov. Ulamolar kengashi tortishuvlardan qochish maqsadida qarorni qabul qilganini bildirdi.

Ko‘pxotinlik sharti har bir xotinga alohida turarjoy ajratishni talab qiladi. Shuningdek, xotinlar bilan kelishilgan tartibda vaqt o‘tkazish zarur edi.

Fatvo ayrim holatlarda istisnolarni nazarda tutgandi. Ayollardan biri shartlarni rad etsa, istisno qo‘llanilishi mumkin edi. Shuningdek, birinchi xotin bola tug‘a olmasa, yangi nikoh ruxsat etilgan. Jinsiy mos kelmaslik yoki ijtimoiy yordam ko‘rsatish ehtiyoji ham inobatga olingan.

Ulamolar kengashi qarorida diniy nikohda ayollarning huquqlari qonuniy himoyalanmagani qayd etildi. Rossiya qonunchiligida ko‘pxotinlilik uchun javobgarlik belgilanmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afg‘onistonda xotin-qizlarga tibbiyot sohalarini oʻrganish taqiqlangani haqida xabar bergan edi.