Yangiliklar

Eron WhatsApp va Google Play’ga taqiqni bekor qildi

Bu haqda Reuters mamlakat ommaviy axborot vositalariga tayanib xabar berdi

Foto: Pexels.com

Eron hukumati WhatsApp va Google Play platformalariga kirish cheklovlarini bekor qildi. Bu haqda Reuters mamlakat ommaviy axborot vositalariga tayanib xabar berdi.

Eronning rasmiy IRNA axborot agentligi xabariga ko‘ra, prezident Masud Pezeshkian rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda WhatsApp va Google Play kabi ayrim mashhur xorijiy platformalarga kirishni cheklovchi to‘siqlarni bekor qilish bo‘yicha ijobiy ovoz qabul qilingan.

«Bugun internetdagi cheklovlarni olib tashlash bo‘yicha birinchi qadam tashlandi», – deya Eron axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Sattar Xashemiyning so‘zlarini keltirmoqda IRNA.

Mamlakatda internetga kirish qat’iy nazorat ostida bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, eronliklar virtual xususiy tarmoqlardan foydalanib bloklarni chetlab o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlar namoyishlar vaqtida hukumatga qarshi ko‘plab tadbirlarda ishlatilgan. Bu omil cheklovlar joriy etilishiga sabab bo‘lgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan YouTube videolarga avtomatik dublyaj funksiyasini qo‘shgani haqida xabar bergan edi.