Tataristonning Yelabuga tumanidagi fermada yong‘in chiqishi va olti nafar odamning halok bo‘lishi bilan bog‘liq jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda hududiy Tergov qo‘mitasi xabar qildi.
Unga ko‘ra, ish to‘rtta Jinoyat kodeksi moddasi bo‘yicha tergov qilinmoqda. Ya’ni ehtiyotsizlikdan o‘limga olib kelish, beparvolik, noqonuniy migratsiyani tashkil etish va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish.
Yong‘in 24-dekabr kechasi ishchilar uchun mo‘ljallangan barakda yuzaga kelgan. Yong‘in chiqqan paytda xonada 39 kishi bo‘lgan. Yong‘in natijasida olti ishchi halok bo‘ldi, ulardan besh nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Yong‘in nosoz elektr asbobidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
O‘sha kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligi xodimlari voqea joyiga yetib borib, o‘zbekistonliklarning jasadlarini aniqlashda yordam bergan.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov o‘lim holatlarini tekshirishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tataristondagi yong‘inda besh nafar o‘zbek halok bo‘lgani haqida yozgan edik.