Yangiliklar

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarning elektron reyestri joriy etiladi

Bu orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibga solinadi
Foto: Roman Fedotov /Kursiv Uzbekistan

Hukumat qarori bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini yuritish bo‘yicha ma’muriy reglamentni tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu yangi tizim ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, boshqarish organlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga soladi.

Bunda talabgor yoki boshqarish organi davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishlari mumkin. So‘rovnoma har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar, 24 soat davomida elektron tarzda yuborilishi mumkin.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun BHMning 50 foizi (187 ming so‘m) to‘lanadi. Shuningdek, so‘rovnoma va ilovalaridagi noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki to‘lovning amalga oshirilmasligi davlat xizmatini rad etish uchun asos bo‘ladi.

Elektron reyestrga kirish uchun talabgor ko‘p kvartirali uyni boshqarish uchun mavjud ishchi-xizmatchilar va moddiy-texnik baza haqidagi tasdiqlangan ma’lumotlar, tasdiqlangan shtatlar jadvali, tegishli malaka sertifikatini taqdim etishi zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq advokatlar uchun yangi tizim joriy etilgan edi.