Qashqadaryoda noqonuniy saqlanayotgan noyob qushlar aniqlandi
Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida yashovchi fuqaro tomonidan yashash xonadonida ikki bosh itolg‘i qushi noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, itolg‘i qushi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan va xalqaro himoyaga olingan noyob turdir. 2010-yilda uning global populyatsiyasi 5,4 – 15,4 ming juftni tashkil etgan. Ushbu holat yuzasidan fuqaro haqida dalolatnoma tuzilib, qushlar Samarqand viloyatidagi «Zarafshon» milliy tabiat bog‘iga topshirildi.
Noqonuniy saqlash natijasida O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilangan tartibga ko‘ra, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar salkam 1,7 mlrd so‘m deb baholangan. Hozirda ish huquqiy baholash uchun Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq baliq ovi natijasida tabiatga 1 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan edi.