Xitoylik investorlar Farg‘onada $25 millionlik loyiha amalga oshiradi
Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shandong Weida Construction Machinery Co. Ltd kompaniyasining vakillarini qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvda Dang‘ara tumanida xitoylik investorlar tomonidan $25 mln.lik sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi. Dastlabki bosqichda gazoblok ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik devorlar va qurilish kleylari ham ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha ishga tushganda 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Viloyat hokimi, bu qurilish materiallariga ichki va tashqi bozorlarda katta talab borligini ta’kidlab, loyiha to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini va kerakli yordam berilishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga $38 milliard investitsiya jalb qilingani haqida yozgan edik.