Alif kompaniyasi $20 million sarmoya jalb etdi
O‘zbekistonning yirik fintech kompaniyasi Alif Qo‘shma Shtatlarining xususiy kredit fondi Accial Capitaldan $20 mln miqdorida qarz sarmoyasini jalb etdi. Bu haqda kompaniyaning o‘zi Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu kelishuv «Nairang Capital» va «TMT Global Advisors» kompaniyalarining konsultantlik yordami bilan amalga oshirildi. Mablag‘lar «Nasiya» xizmatining imkoniyatlarini kengaytirish, uning bozordagi mavqeyini mustahkamlash va O‘zbekistonda moliyaviy ommaboplikni targ‘ib qilishga yo‘naltiriladi.
Alif kompaniyasi nasiya xizmati orqali O‘zbekistondagi iste’molchilarga shariat tamoyillariga muvofiq, 24 oygacha muddatli to‘lovga tovarlar va xizmatlar taqdim etadi. Kompaniya jalb etilgan mablag‘larning islom moliyasi tamoyillariga mosligini ta’kidlaydi.
Kompaniya 2024-yilda xalqaro investorlar tomonidan jalb qilingan umumiy sarmoyani $50 mlnga yetkazdi.
Ma’lumot uchun, Alif kompaniyasiga 2014-yilda asos solingan bo‘lib, nasiya xizmati orqali 1 mlndan ortiq foydalanuvchilarga 5 mingdan ziyod savdo nuqtalarida to‘lovlar amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TBC Bank Uzbekistan $37 million sarmoya jalb qilgan edi.