Qoraqalpog‘istonda Ilmiy-amaliy tibbiyot akademiya tashkil etiladi
Prezident tomonidan «Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini tashkil etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Ushbu qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya tarkibida ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, o‘quv-simulyatsion markaz va mehmonxona bo‘ladi.
Akademiyaning klinik bazasi sifatida Nukus shahrida joylashgan davlat va nodavlat davolash-profilaktika muassasalari xizmat ko‘rsatadi. Akademiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari tibbiyot kadrlarini qayta tayyorlash, tashxislash va davolashning innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish, shuningdek telemeditsina texnologiyalaridan keng foydalanishni tashkil etishdan iborat.
2025/2026-o‘quv yilidan Akademiya klinik ordinaturada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlay boshlaydi. 2025-yil 1-oktabrga kelib Akademiya to‘liq faoliyatga kirishadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xadicha Sulaymonova nomidagi Sud ekspertiza markazining Toshkent viloyati bo‘limi tashkil etilishi haqida yozgan edik.