Yapon kompaniyasi o‘zbek dizaynerlari uchun onlayn ustaxonalar tashkil qiladi
Yaponiyaning Motherhouse kompaniyasi O‘zbekistondagi dizaynerlar va yosh tadbirkorlar uchun onlayn shaklda ustaxonalar o‘tkazadi, deb xabar berdi Dunyo agentligi.
Bunga O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxodja Abdurahmonov va Motherhouse kompaniyasi rahbari Eriko Yamaguchi o‘rtasida kelishuvga erishildi.
Kompaniyaning dizaynerlari O‘zbekistondagi hamkasblariga zargarlik buyumlari, teri va mato mahsulotlarini yaratish bo‘yicha loyihalar haqida ma’lumot berishadi. Shuningdek, Motherhouse xodimlarining respublikaga tashrifi ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Motherhouse 2006-yilda tashkil etilgan. Kompaniya mato, zargarlik va teri mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Korxonaning fabrikalari Hindiston, Nepal, Bangladesh, Indoneziya, Shri-Lanka va Myanma davlatlarida joylashgan. Mahsulotlar 52 ta do‘konda sotilmoqda, ularning ba’zilari Yaponiya va chet elda joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun imtiyozli kreditlar ajratishi haqida yozgan edik.