Investitsiyalar

2024-yilda xorijiy investorlar Oʻzbekistondagi yangi loyihalarga kamroq mablagʻ ajratdi

EKOSOS ma’lumotlariga ko‘ra
Foto: tom.griger / depositphotos.com

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda noldan tashkil etilayotgan korxonalarga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi boʻyicha ikkinchi oʻrinni egallaydi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) hisobotida ma’lum qilindi (Kursiv Uzbekistanʼda mavjud).

Ortda qolayotgan yilda mamlakat yangi loyihalarga $4 milliard toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb qildi, bu oʻtgan yildagiga nisbatan 49 foizga kamdir.

Ushbu koʻrsatkich boʻyicha mintaqada yetakchi Qozogʻiston boʻldi, mamlakat bu yil 88 foiz oʻsishni koʻrsatib, $15,7 milliardga yetdi. Markaziy Osiyoda umumiy kapitalning 63 foizi ushbu davlatga toʻgʻri keldi.

Ushbu yetakchilik Qatarning UCC Holding kompaniyasining investitsiya faolligi bilan ta’minlangan boʻlib, u mamlakat boʻylab ikkita gazni qayta ishlash zavodi, yangi kompressor stansiyasi va ikkita qoʻshimcha magistral gaz quvurlarini qurish uchun $11 milliard sarflamoqda.

Qirgʻiziston oʻzining oʻtgan yilgi natijasini toʻrt baravardan koʻproq oshirib, $2,1 milliardga yetkazdi. Shuningdek, Turkmaniston $339 mln, Tojikiston $281 mln jalb qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilning yanvar – sentabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi $1,9 mlrdga yetib, 7 foizga o‘sgani haqida yozgan edi.