Lifestyle

Avtokreditdan Maldiv orollarida dam olishgacha: 2024-yilda o‘zbekistonliklarni qanday mavzular ko‘proq qiziqtirdi

Kursiv Uzbekistan nashrida e’lon qilingan mashhur 10 ta maqola
Foto: Pexels.com

Kursiv Uzbekistan tahririyati 2024-yilning eng ko‘p o‘qilgan materiallarini saralab, auditoriya tomonidan eng katta qiziqish bilan kutib olingan o‘nta maqolani taqdim etdi. Ushbu maqolalar O‘zbekistonda va xorijda yuz bergan muhim voqealar, iqtisodiy va ijtimoiy yangiliklarni o‘z ichiga oladi.

1. Avtokredit: qaysi banklardan va qanday stavkalarda rasmiylashtirish mumkin

Maqolada O‘zbekistondagi 16 ta bankning fuqarolarga taqdim etayotgan avtokreditlari haqida so‘z boradi. Unda yana har bir bankning foiz stavkasi, boshlang‘ich to‘lov, muddat va kredit miqdori keltirilgan. Shuningdek, maqola ba’zi banklar ikkilamchi bozorda ham kreditlar taqdim etishi haqida muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

2. 8-mart kuniga guldasta qancha turadi

Mavsumiy mahsulot va xizmatlar narxi borasidagi maqolalar hamisha dolzarb. Ushbu maqolada ham 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Toshkent gul do‘konlaridagi bayram sovg‘alari narxlari o‘rganib chiqilgan. Shu bilan birga, maqolada gullar, jumladan, atirgul, piona, gortenziya va boshqa turli kompozitsiyalar narxlari haqida ma’lumotlar mavjud.

3. Uzum market avtomobil oldi-sotdi xizmatini ishga tushirdi

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalardan yana biri avtomobillar bilan bog‘liq. Maqola Uzum internet do‘koni tomonidan ishga tushirilgan Uzum Avto avtomobil xarid qilish xizmati haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan. Unda Xizmat hozirda test rejimida faoliyat ko‘rsatayotgani va poytaxtdagi dilerlar orqali avtomobillarni sotib olish imkonini berishi haqida ham so‘z borgan.

4. Maldiv orollarida Navro‘zda dam olish o‘zbekistonliklarga qanchaga tushadi

Mazkur maqola O‘zbekistonliklar Navro‘z bayrami munosabati bilan uzoq dam olish kunlari qayerga sayohat qilishlari mumkinligi haqidagi o‘rganishlarni o‘z ichiga olgan. Bir nechta sayyohlik kompaniyalari tomonidan Istanbul, Bangkok, Maldiv orollari, Shri-Lanka va Doha kabi mashhur yo‘nalishlarga taklif etilgan tur paketlar haqida ham aniq ma’lumot berilgan.

5. Uydan chiqmagan holda qanday qilib pensiya miqdorini bilish mumkin

Navbatdagi ko’pchilik tomonidan qiziqish bildirilgan maqola pensiyaga doir. Unda O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasining yangi @pensiyauzbot Telegram botidan foydalanish va bot orqali fuqarolarga qanday qilib pensiya miqdorini bilish bo‘yicha fotoko‘rsatmalar berilgan.

6. Samsung W25 taqdim etildi va narxlar e’lon qilindi

Yil davomida smartfonlar haqidagi maqolalar juda ko‘p marta o‘qilgan. Shunday top maqolalardan biri Samsung Galaxy W25 smartfoni haqidagisidir. Maqola Samsung kompaniyasining yangi smartfoni W25 modelining texnik xususiyatlari, narxi va chiqarilish muddati haqidagi yangiliklarni qamrab olgan. Unda yangi modelning tashqi ko‘rinishi va ichki imkoniyatlari, shu jumladan ekran, kamera tizimi va protsessor haqida ma’lumotlar ham berilgan.

7. O‘zbekistonda homiladorlik qanchaga tushadi

Maqolada homilador ayollar uchun zarur bo‘lgan tibbiy xizmatlar, dorilar va tug‘uruqxona xarajatlari haqida ma’lumot berilgan. Homiladorlik davridagi tibbiy ko‘riklar, skrining tekshiruvlari, vitaminlar va dori-darmonlar xarajatlari aniq raqamlarda keltirilgan. Shuningdek, maqola tug‘uruqxonada zarur bo‘ladigan anjomlar, xizmatlar va tug‘ishdan keyingi xarajatlar borasida ham batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

8. Ramazon oyida sog‘likka zarar keltirmasdan qanday ro‘za tutish kerak

Ushbu maqolada muqaddas Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish va ro‘za tutish bo‘yicha muhim maslahatlar berilgan. Yana unda ro‘za paytida tanada sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar, ortiqcha ovqatlanish va suvsizlanishning tanaga ta’siri haqida tushuntirishlar mavjud. Maqola saharlik va iftorlik uchun qanday ovqatlar tanlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qamrab olgani bilan ham juda ko‘p o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otgan.

9. Oʻzbekistonda konditsioner sotib olish va uni oʻrnatish necha pulga aylanadi

Yozgi jazirama sababli O‘zbekistonda konditsionerlarga bo‘lgan talab keskin ortdi. Shu bois, konditsionerlarni sotib olish va o‘rnatish narxi haqidagi ushbu maqola ko‘pchilikni qiziqtirgani turgan gap. Unda muallif mahalliy bozorni o‘rganib chiqib, konditsionerlarning o‘rtacha narxi haqida ma’lumot taqdim etgan. Maqolada, shuningdek, mazkur texnikani o‘rnatish narxi haqida ham aniq raqamlar keltirilgan.

10. Islom olamining 12 ta namunali ayoli

Maqolada o‘z dinini va madaniy merosini hurmat qilgan holda zamonaviy dunyoda muvaffaqiyatga erishgan 12 ta musulmon ayollar ro‘yxati taqdim etilgan. Ularning o‘z sohalarida erishgan yuksak yutuqlari, jumladan, iqtisodiyot, siyosat, biznes, san’at, sport, fan va jurnalistika kabi sohalarda ko‘rsatgan faoliyati yoritilgan. Maqola ushbu ayollarning o‘z mamlakati va dunyo miqyosida tutgan o‘rni haqidagi ma’lumotlar bilan boyitilgan.