«Milliy tiklanish» fraksiyasi Transport vazirligiga Rossiya havo hududi xavfsizligi boʻyicha soʻrov yuboradi
«Milliy tiklanish» partiyasi Oʻzbekiston Transport vazirligiga Rossiya havo hududi qanchalik xavfsiz ekanini tushuntirish uchun soʻrov yubordi. Bu haqda partiya yetakchisi Alisher Qodirov oʻzining Telegram kanalida ma’lum qildi.
«Rossiya havo hududi xavfsizmi? «Milliy tiklanish» fraksiyasi bu mavzuda Transport vazirligi va kompaniyaga (UzAirways – tahr.) asosli tushuntirish berish soʻrovini yuboradi», – deb yozgan Qodirov.
Shuningdek, partiya yetakchisi Uzbekistan Airways birinchi oʻrinda Oʻzbekiston fuqarolari xavfsizligi haqida oʻylashi kerakligini qoʻshimcha qildi.
Eslatib oʻtamiz, joriy haftada Qozogʻistonda Azerbaijan Airlines samolyoti aviahalokatga uchradi. Samolyot Bokudan Grozniyga yoʻl olgan, ammo belgilangan aeroportga qoʻna olmagan. Samolyot bortida boʻlgan 67 kishidan 38 kishi halok boʻlgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ozarbayjon samolyoti Rossiya hujumiga uchragani taxmin qilingani haqida xabar bergan edi.