Turkmenistan Airlines aviakompaniyasi Moskvaga reyslarini bir oyga toʻxtatdi
Turkmenistan Airlines Moskvaga uchadigan muntazam reyslarini vaqtincha bekor qildi. Bu haqda aviatashuvchining saytida soʻz boradi.
Qayd etilishicha, 30-dekabrdan 31-yanvarga qadar Ashxobod – Moskva – Ashxobod yoʻnalishi boʻyicha amalga oshiriladigan reyslar bekor qilingan. Bu kabi qaror nima sababdan qabul qilingani ochiqlanmagan. Aviakompaniya haftasiga ikki marotaba Moskvaga reyslarni amalga oshirib kelayotgan edi.
Eslatib oʻtamiz, joriy haftada Qozogʻistonda Azerbaijan Airlines samolyoti aviahalokatga uchradi. Samolyot Bokudan Grozniyga yoʻl olgan, ammo belgilangan aeroportga qoʻna olmagan. Samolyot bortida boʻlgan 67 kishidan 38 kishi halok boʻlgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Milliy tiklanish» fraksiyasi Transport vazirligiga Rossiya havo hududi xavfsizligi boʻyicha soʻrov yuborishi haqida xabar bergan edi.