UzAirways Grozniyga parvozlarini davom ettiradi – TASS
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Rossiya shaharlariga, shu jumladan, Grozniyga parvozlarni davom ettirish niyatida. Bu haqda kompaniya ma’muriyati TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Uzbekistan Airways ayni paytda Rossiya shaharlariga, shu jumladan, Maxachqalʼa va Grozniyga belgilangan jadval boʻyicha barcha reyslarni amalga oshirmoqda», – deya Uzbekistan Airways vakilining soʻzlarini keltirmoqda Rossiya nashri.
Uzbekistan Airways Toshkentdan Grozniyga haftasiga ikki marta, Maxachqalʼaga esa bir marta parvozlarni amalga oshiradi.
Kursiv Uzbekistan avvalroq «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Oʻzbekiston Transport vazirligiga Rossiya havo hududi xavfsizligi boʻyicha soʻrov yuborishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.
Eslatib oʻtamiz, 25-dekabr kuni ertalab Oqtov yaqinida Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining samolyoti halokatga uchradi. Bortda 67 kishi boʻlgan, fuqarolardan 38 nafari halok boʻldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekitan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevdan ushbu samolyotning qulashi munosabati bilan uzr soʻragani haqida xabar bergan edi.