O‘zbekistonda QQS va foyda solig‘i stavkalari 2028-yilgacha o‘zgarmaydi
Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 27-dekabr kuni tadbirkorlar uchun teng sharoitlar yaratish va adolatli raqobat muhitini ta’minlashga oid farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va foyda solig‘i stavkalari 2028-yilgacha o‘zgarishsiz qoladi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab tikuvchilik, poyabzal va charm sanoati korxonalari uchun imtiyozli soliq stavkalari joriy etiladi.
Tadbirkorlar uchun savdo-sanoat palatasi huzurida xalqaro moliyaviy bozorga chiqishni qo‘llab-quvvatlash markazi tashkil etiladi. Markaz har yili kamida 100 tadbirkorga xizmat ko‘rsatadi. 2025-yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan korxonalarga $100 mln miqdorida aylanma mablag‘ ajratiladi.
Bojxona va eksport bo‘yicha imtiyozlar joriy etildi. Paxta ip-kalavasiga eksport boji 2 foiz (har kilogramm uchun $0,05 dan oshmasligi sharti bilan). Trikotaj matolariga eksport boji – 1 foiz.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mobil aloqa operatorlariga aksiz solig‘i bekor qilinishi haqida yozgan edi.