Tolibon ayollarga qaraydigan derazalarni qurishni taqiqladi
Afg‘onistonda yangi binolarni loyihalashda ayollar bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarga qaraydigan derazalarni qurish taqiqlanadi. Tolibon yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda uylar ayollarning ko‘rinishi mumkin bo‘lgan derazalarsiz qurilishi kerakligini buyurdi.
Hujjatga ko‘ra, yangi uylarning derazalari hovli, oshxona yoki ayollar odatda bo‘ladigan boshqa joylarga qarab qurilmasligi kerak. Agar mavjud derazalar bunday manzarani ochib bersa, ularning oldiga devor qurish yoki ko‘rishni to‘sadigan tuzilmalar o‘rnatish talab etiladi.
Shuningdek, mahalliy hukumat va mas’ul idoralarga qurilish maydonchalarini nazorat qilish hamda qo‘shnilarning uylariga qaraydigan derazalarni qurmaslikni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Mazkur qoidalar qo‘shnilar o‘rtasidagi noqulayliklarni kamaytirish va ijtimoiy odob-axloqni saqlash maqsadida qabul qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afgʻonistonda xotin-qizlarga tibbiyot sohalarini oʻrganish taqiqlangani haqida yozgan edi.