31-dekabr kuni ob-havo: Toshkent va Namanganda tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, 31-dekabr va 1 – 3-yanvar kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi mavjud.
31-dekabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab havo biroz bulutli bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ayrim hududlarda tuman tushishi mumkin. Sharqdan esayotgan shamolning tezligi 7-12 m/s, ba’zi joylarda esa 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kunduz kuni 5-10 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Toshkentda havo biroz bulutli, yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi, harorat esa 6-8 daraja iliq bo‘ladi.
Tog‘li hududlarda havo biroz bulutli, ba’zi joylarda yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. Ayrim hududlarda tuman tushishi kutilmoqda. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha bo‘lishi mumkin.
Yangi yil oldidan tog‘li hududlarga tashrif buyurishni rejalashtirgan fuqarolar qor ko‘chishi xavfi bo‘lishi mumkinligini inobatga olishlari zarur.