Tadbirkorlar uchun gaz va elektr qarzdorligini to‘lashda yangi mexanizmlar yaratiladi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Tarmoqdan uzish o‘rniga qarzdorlikni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy etilishi ham rejalashtirilgan
Foto: LeleMezzadri / www.depositphotos.com

O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun gaz va elektr energiyasi ta’minotiga oid yangi tartiblarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning «Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoniga ilova qilingan Yoʻl xaritasida ma’lumot berilgan.

Unga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun tabiiy gaz ta’minotidan uzilishning yangi tartiblari joriy etish rejalashtirilmoqda. Agar iste’molchi gaz uchun to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmasa, bir kun davomida qarzdorlikni bartaraf etish imkoniyati beriladi. Bunda iste’molchi ovozli yoki SMS orqali qarzdorlik haqida xabardor qilinadi. Qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda gaz ta’minoti avtomatik ravishda to‘xtatiladi.

Shuningdek, elektr energiyasi uchun qarzdorlikni korporativ kartadan mobil ilovalar orqali tezkor ravishda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari, tarmoqdan uzish o‘rniga qarzdorlikni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy etilishi ham rejalashtirilgan.

Yoʻl xaritasida elektr energiyasini noqonuniy sarflashning oldini olish maqsadida moliyaviy va ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilishi ham ko‘zda tutilgan.

Mazkur chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etish uchun tegishli qonun loyihalari 2025-yil mart oyiga qadar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilning yanvar – noyabr oylarida O‘zbekistonda gaz ishlab chiqarish hajmi 40,7 mlrd kub metrni tashkil etgani haqida xabar qilgan edi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 foizga kam.

Shuningdek